Xalqaro reytingga ilk qadam
Tajriba almashuvlar, yangi loyihalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli fikrlashish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash rivojlangan davlatlar taraqqiyotining ta’minlovchi omillardandir. Buning uchun taqdimot, targ‘ibot va tashviqotning roli katta. Institutimizga tashrif buyuradigan xorijlik ilm-fan mutaxassislari bilan hamkorlikning avj pallasi keyingi ikki yil mobaynida alohida ahamiyat kasb etib, ijobiy ma’noda ildamlashimizga bois bo‘ldi. Chunki, faqat ilm – fan orqaligina barcha jabhalarning rivojini tasavvur qilish mumkinligini Prezidentimiz o‘z chiqishlarida qayta-qayta uqtirishlari bejiz emas.
“Xalqaro akademik va talaba mobilligining istiqbollari: muammo va yechimlar” mavzusidagi institutimizda tashkil etilgan seminar ham xuddi shu maqsadlarga qaratilgani bilan xarakterlandi. Unda poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining mutasaddi xodimlari qatnashishdi.
Tadbirni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori T. Sultanov ochib berdi. So‘ngra so‘z navbati Jahon universitetlari reytingi (QS WUR) ning sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Zoya Zaysevaga berildi.
Zoya Zayseva Butunjahon universtitetlari reytingi borasida qiyosiy jadvallar bilan muxtasar ma’lumot berib o‘tdi.
QS World University Rankings (Butunjaxon universtitetlari reytingi) Quacquarelli Symonds (QS) tomonidan e’lon qilinadigan har yillik universitetlarning reytingi bo‘lib, Times Higher Education–QS World University Rankings nomi bilan bizga ma’lum. QS keyinchalik, o‘zining reytinglari metodologiyasini yaratib universitetlarning yillik reytinglarni e’lon qila boshladi. Hozirda QS 5 ta mustaqil mintaqaviy (Osiyo, Lotin Amerikasi, Yevropa va Markaziy Osiyo hamda Arab mamlakatlari va BRIKS) reytingini e’lon qilish bilan bir qatorda global tarzdagi umumiy va sohalar bo‘yicha reytinglar (ya’ni, 48 ta soha va 5 ta turli xil fakultetlardan iborat eng yaxshi universitetlar)ni o‘z ichiga oladi.
So‘ngra Elsevier kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanova o‘z taqdimotida Scopus xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasi haqida to‘liq ma’lumot berdi.
Tadbir tugagach, xorijlik ekspertlar institut rektori O‘. Umurzakovning qabulida bo‘lishdi. Suhbat jarayonida hamkorlik va istiqbolli rejalarni keng yo‘lga qo‘yilishi va uni dinamik tarzda rivojlantirish borasida kelishib olindi. Mehmonlarga institutning ramziy emblemasi tushirilgan esdalik sovg‘alari ham tortiq qilindi.
Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy – pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi xodimi G‘iyosiddin G‘oziev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov